Soʻnggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim qamrovi va sifatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar umummilliy harakat darajasiga koʻtarildi. Xususan, oxirgi toʻrt yilda bogʻchalar soni 5 ming 211 tadan 18 ming 300 taga oshdi. Bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi ikki barobar ortib, 27,7 foizdan 60,9 foizga koʻtarildi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida xususiy va oilaviy bogʻchalar ham sezilarli darajada koʻpaydi. Bugungi kunda yurtimiz boʻylab maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bir million yetti yuz ming nafar bola tarbiyalanmoqda. Vaholanki, 2017-yilda 708 ming nafar bola maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan edi.

Shu yilning 24-may kuni hududlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan tanqidiy-tahliliy ruhdagi yigʻilishda davlatimiz rahbari Maktabgacha taʼlim vazirligi oldida turgan qator muhim vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, Prezidentimiz taklifiga binoan, yurtimizning 53 ta tumanida 34 ming oʻrinli ikki mingta oilaviy bogʻcha tashkil etish choralari belgilandi. Bunday bogʻchalarning ochilishi qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Yigʻilishda yana bir imtiyoz haqida soʻz yuritildi. Yaʼni taʼlim-tarbiya sifatini oshirish uchun oilaviy bogʻchalarga oʻquv qoʻllanma va metodik materiallar bepul berilishi uchun davlat tomonidan 30 milliard soʻm ajratiladi hamda ularning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida 5 foiz stavkada 30 million soʻmgacha imtiyozli kreditlar beriladi.

Bugun olis hududlarda maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirishning yana bir manbasi — davlat-xususiy sheriklik asosidagi bogʻchalarni tashkil etishdir. Hozir bunday muassasalarda bir bola uchun sarflanadigan xarajatning 50 foizi subsidiya qilinmoqda. Yigʻilishda ushbu subsidiya miqdorini 75 foizga yetkazish, xususiy bogʻchalarning elektr energiyasi va tabiiy gaz toʻlovining 50 foizini davlat byudjetidan qoplash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bundan tashqari, pandemiya sababli toʻliq quvvatda ishlamagan davlat-xususiy sheriklik asosidagi bogʻchalarning krediti boʻyicha asosiy qarz toʻlovi muddati ham yil yakuniga qadar uzaytirildi.

Investitsiya dasturi asosida davlat byudjeti hisobidan yangi bogʻchalar qurish ishlari ham davom ettirilmoqda. 2021-2022-yillarda mamlakatimizdagi 23 ta tumanning olis va chekka hududida ellikta maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun qamrov darajasi eng past va bolalar soni 250 nafardan oshgan ellikta mahalla tanlab olingan.

2021-yil yakuniga qadar ikki mingta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti va ellikta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda qirq ikkita mobil guruh faoliyatini yoʻlga qoʻyish hisobiga jami 69,4 ming tarbiyalanuvchi oʻrni ochiladi. Shu bilan birga yetti ming yangi ish oʻrni yaratiladi. Bunday islohotlar tufayli 2021-yil yakuniga qadar qamrovni 67,7 foizga koʻtarish belgilandi. Joriy yil boshida qamrov koʻrsatkichini 65 foizga yetkazishni rejalashtirilgan edi. Davlatimiz rahbarining qamrovni oshirish boʻyicha bergan taklifiga binoan, ushbu koʻrsatkich yana 2,7 foiz oshiriladi.

Tahlillardan koʻrinyaptiki, maktabgacha taʼlim tashkilotlari koʻpaygani sari pedagog kadrlarga ehtiyoj ham oshadi. Shuni inobatga olgan holda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining 12 ming xodimini oʻqitish va malakasini oshirish boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilishi belgilandi.

Maktabgacha taʼlim tizimi uzluksiz taʼlimning birlamchi, eng asosiy boʻgʻini hisoblanadi. Mutaxassis va pedagoglarning ilmiy xulosalariga koʻra, inson oʻz umri davomida oladigan barcha axborot va maʼlumotning 70 foizini 7 yoshgacha boʻlgan davrda oladi. Ana shu dalilning oʻzi bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishida maktabgacha taʼlim tarbiyasi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini anglatadi.

Tanqid insonni faoliyatini tubdan isloh qilishga undaydi. Shu maʼnoda Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishdan soʻng biz ham sohadagi kamchiliklarimizni yana bir bor tahlil qildik. Ularni bartaraf etish, maktabgacha taʼlim qamrovi va sifatini oshirish masalalarini mutaxassislar bilan keng muhokama qildik.

Prezidentimiz bergan vazifalarni amalga oshirishga butun tizim xodimlari sidqidildan yondashadi. Xalq manfaaati yoʻlida masʼuliyat bilan ishlashga jamoamiz bilan qatʼiy kirishamiz. Zimmamizga yuklangan masʼuliyatni maktabgacha taʼlim tizimida mehnat qilayotgan barcha xodimlar yurakdan his qildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bu kabi imtiyozlar va imkoniyatlardan soʻng nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini barpo etgan tashabbuskorlar ham yana-da shijoat bilan ishlaydi. Tadbirkorligini rivojlantiradi. Biz, maktabgacha taʼlim sohasi xodimlari yangi ochiladigan oilaviy bogʻchalarda taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan dasturlar yaratamiz va tadbirkorlarga yaqindan koʻmaklashamiz.

Agrippina SHIN,

maktabgacha taʼlim vaziri