Bogʻchaga yoʻllanmalar sayyor tartibda topshirildi

    Ijtimoiy hayot 10 Avgust 2021 1640

    Sirdaryo tumanining “Quyosh” mahalla fuqarolari yigʻini tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari bu mahallaga sayyor xizmatlar koʻrsatish maqsadida tez-tez kelib turadi.

    Bu safargi sayyor xizmat tadbiri mahallada joylashgan 18-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tashkillashtirildi. Farzandini ushbu MTTga joylashtirish boʻyicha ariza bilan murojaat qilgan va navbati kelgan ota-onalarga bogʻchaga yoʻllanmalar sayyor tartibda topshirildi.

    “Quyosh” mahallasida yashovchi Visola Ziyotovaning farzandi ham endi bogʻchaga boradigan boʻldi.

    — Men 2017-yilda tugʻilgan farzandim Shirin Baxtiyorovani davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish uchun navbatga qoʻyish boʻyicha Sirdaryo tuman Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgandim, — deydi Visola Ziyotova. – Davlat xizmatlari markazi xodimlari sayyor tartibda, bolajonlarimizga yoʻllanmalarni shakllantirib berishdi. Tuman markaziga borishga ham hojat qolmadi. Uzogʻimizni yaqin qilgani uchun DXM xodimlaridan minnatdorman.

    Sayyor xizmat tadbiri davomida xuddi Visola kabi markazga ariza bilan murojaat qilgan yana 38 nafar bolajonlar uchun shakllangan yoʻllanmalar ota-onalarga topshirildi.

    Sayyor xizmatlar davomida bolalarni bogʻchaga joylashtirishga yoʻllanmalar berilishi bilan bir qatorda elektron davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi boʻyicha master klass oʻtkazildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)dan foydalanish koʻnikmalarini oshirish barobarida davlat xizmatlarini onlayn tarzda yaʼni my.gov.uz sayti orqali mustaqil ravishda olish, id.egov.uz saytidan roʻyxatidan oʻtish va tizimdan foydalanish mahorat darslari oʻtkazildi, deb xabar beradi DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.