Bog'chalar faoliyatini raqamlashtirish

    Ochiqlik va shaffoflikni ta'minlaydi

    Prezidentimizning 2020 - yil 6 - noyabrdagi “Ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida 2022 - yil 1 - yanvarga qadar maktabgacha ta'lim tizimida zamonaviy o'qitish shakllari, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish, jumladan, bolalarning o'sishi hamda maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinishi jarayonlarini monitoring qilish bo'yicha “Bolalar bog'chasi” axborot tizimini ishga tushirish va unga kiritiladigan ma'lumotlar shaffofligini ta'minlash belgilangan edi. Shuningdek, maktabgacha ta'lim xizmatlari uchun elektron to'lov tizimlarini joriy etish, sohada axborot tizimini boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish kabi vazifalar ham yuklatilgan.

    Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan “Bolalar bog'chasi” axborot tizimi yordamida bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olishni monitoring qilish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat xizmatlari agentligi bilan axborot tizimi integratsiyasi orqali bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga navbatga qo'yish va qabul qilish uchun yo'llanma olish bo'yicha davlat xizmati ko'rsatiladi.

    Bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, Maktabgacha ta'lim vazirligi MTT xodimlari va tarbiyalanuvchilarini zamonaviy raqamli texnologiyalarni qo'llagan holda avtomatik hisobga oladigan “Bolalar bog'chasi” axborot tizimini takomillashtirish loyihasini ishlab chiqib, tajriba-sinov tariqasida poytaxtimizning Bektemir tumanidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarida joriy qildi.

    Ushbu tashkilotlarda biometrik identifikatsiya qilish, ya'ni Face ID qurilmalari o'rnatildi. Shuningdek, “Bolalar bog'chasi” axborot tizimi yurtimizda mavjud elektron to'lov tizimlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilinishi natijasida onlayn to'lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

    “Bolalar bog'chasi” axborot tizimining yana bir afzalligi shundaki, u tashkilotga qamrab olingan tarbiyalanuvchilar hamda xodimlarni yuz qiyofasi orqali avtomatik ravishda ro'yxatga oladi. Bolaning maktabgacha ta'lim tashkilotidagi har bir daqiqasi nazoratda bo'ladi. Xodimlarning ham har bir kuni, soatigacha ko'rsatilib boriladi. Agar MTTning biror xodimi ishdan vaqtli ketsa yoki sababsiz ishga kelmasa, ularning ish soati to'laqonli yozilmaydi. Bu esa, o'z navbatida, davomat masalasida kuzatilishi mumkin bo'lgan ba'zi ko'rinishdagi korruptsion holatlarga ijobiy echim bo'lmoqda.

    Shuningdek, tizimda oziq-ovqat xarajatlarini avtomatik hisobga olish, tahlil o'tkazish va lavozimlar bo'yicha kadrlar etishmovchiligini aniqlash maqsadida maktabgacha ta'lim tashkilotlarining kadrlar salohiyati haqidagi ma'lumotlarni yig'ish va tahlil qilish mumkin. Mas'ullarning ta'kidlashicha, ushbu tizimga o'tilganidan so'ng muassasadagi anchayin noqulayliklar bartaraf qilingan. Dastlab bu tizimni tushunib olish qiyinchilik tug'dirgan bo'lsa-da, hozir bundan barcha mamnunligi aytilmoqda.

    — Face ID tizimi o'rnatilganiga ko'p bo'lmagan esa-da, samarasini ko'rsatyapti, — deydi Bektemir tumanidagi 577-maktabgacha ta'lim tashkiloti metodisti Nigora SHARIPOVA. — Bu tizim nafaqat tarbiyalanuvchilar, balki xodimlarni ham tartib-intizomga o'rgatyapti. Qolaversa, bolalarning salomatligini asrash, sog'lom ovqatlanishini ta'minlashda ham ahamiyati katta bo'lyapti. Ilgari bolalarning tana haroratini tanometrda o'lchardik. Hozirgi qurilma avtomatik ravishda bolaning tana haroratini ko'rsatadi va ota-ona bolasining sog'lomligiga ishonch hosil qilib, ko'ngli xotirjam holda keta oladi. Tana harorati 37 darajadan yuqori bola bog'chaga qabul qilinmaydi va ota-onalarga davolanish bo'yicha ko'rsatma beriladi.

    Mazkur tizim MTTda oziq-ovqat xarajatlarini nazorat qilishda ham afzalliklarga ega. Oshxonada ovqat tayyorlash plitalari oldida elektron tarozi qo'yilgan. Tarozi ko'rsatkichlarini ko'rish uchun qulay bo'lgan joyda internet tarmog'iga ulangan 3 ta kamera o'rnatilgan. Taomnoma bo'yicha oziq-ovqat mahsulotlari bevosita qozonga solishdan avval majburiy tartibda elektron tarozida tortiladi.

    Biometrik identifikatsiya qilish, ya'ni Face ID tizimi joriy etilgani MTT xodimlari va tarbiyalanuvchilarining yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish, xodimlarning ish vaqti va tarbiyalanuvchilarning davomatini real vaqt rejimida monitoring qilish, MTTlarda oziq-ovqat xarajatlarini avtomatik hisobga olishni zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali yuritish imkonini bermoqda.

    — Byudjet mablag'larining to'g'ri taqsimlanishida mazkur axborot tizimining o'rni katta, — deydi Maktabgacha ta'lim vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig'i Anvar JO'RAEV. — Albatta, tizimni raqamlashtirish bilan bu jarayon to'xtab qolmaydi. Bugungi kunda tajriba-sinov natijalaridan olingan xulosalar asosida uni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda.

    Bektemir tumanida o'tkazilgan tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqqan holda, Maktabgacha ta'lim vazirligi boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda 2022 - yil 1 - iyunga qadar “Bolalar bog'chasi” tizimining takomillashtirilgan ko'rinishini yurtimizdagi barcha davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida joriy etish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan Respublika sanitariya-e pidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan holda, tasdiqlangan standart taomnoma asosida bolalarni ovqatlantirishga mo'ljallangan “Yagona mavsumiy taomnoma”ni joriy etish ko'zda tutilgan.

    Maqsad bitta — maktabgacha ta'lim tizimini raqamlashtirish hisobiga mehnat resurslarini tejash, ish unumini oshirish hamda tizimning ochiq va shaffofligini ta'minlashdir.

    Risolat MADIEVA,

    "Yangi O'zbekiston" muxbiri