Qayd etilishicha, holat joriy yilning 16-yanvar kuni Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 7-sonli Davlat maktabgacha taʼlim muassasasida kuzatilgan.
Videoda maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanuvchilarga hozirda noyob, Qizil kitobga kiritilgan Oʻrta Osiyo kobralari bilan tomosha uyushtirilganligi va bunda bogʻcha maʼmuriyati tomonidan bolalarning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizlik choralari taʼminlanmaganligi aks etgan.
Tomoshalar Olmaliq shahar “Kumush diyor” xususiy korxonasi tasarrufidagi “Toshkent” havaskorlik sirk jamoasi xodimi H.A tomonidan uyushtirilgan. Mazkur shaxs oʻquv yili avvalida tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga taʼlim tizimidagi muassasalarga sirk tomoshalarini namoyish qilish boʻyicha xat va dastur bilan murojaat qilgan. Masʼullar tomonidan ushbu tomoshalarga ruxsat berilgan.
Namoyishlar dasturida hayvonlar bilan sahna koʻrinishlari koʻrsatilmagan. H.A 16-yanvar kuni tumandagi 7-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarning hayoti va sogʻligi uchun xavfli boʻlgan jonzotlar bilan oʻyin koʻrsatgan.
Shu bilan birga Ichki ishlar organlari tomonidan ham mazkur holat toʻliq nazoratga olingan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Bogʻchalarning birida bolalarga zaharli ilon bilan tomosha koʻrsatilgandi.