Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jahongir Sagdullayev maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyati “Oqoltin” mahallasida yashovchi fuqaro T.Oʻ. oʻziga tegishli olma bogʻida mevalarni oʻgʻirlayotgan voyaga yetmagan bolalarni ushlab olib, ularni chaylasiga olib kelgan va oʻgʻrilik qilgani uchun ogʻzaki koyib tanbeh bergan.
Shu payt bolalardan birining otasi bogʻga kelib, T.Oʻ.ni urib tan jarohati yetkazib, qoʻl va oyoqlarini arqon bilan bogʻlab “samosud” qildi.
Holat yuzasidan shu yilning 8-iyul kuni bogʻ egasi Narpay tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Shuningdek, bolalarning otasi ham joriy yilning 6-iyul kuni Narpay tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, arizasida qishloqdoshi T.Oʻ. ning olma bogʻidan olma mevalarini oʻgʻirlagan voyaga yetmaganlarni haqorat qilib, urib tan jarohati yetkazganligini va arqon bilan bogʻlab qoʻyganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Hozirda holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.