Shu bois, eski bogʻlarni intensivga oʻtkazish, hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.
Baxmalda 2026-yilda 1,5 ming gektar eski bogʻlarga faqat sertifikati bor koʻchatlarni ekish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Buni qoʻllab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga koʻchat sotib olish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, tumandagi bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun yana bir qator yangiliklar eʼlon qilindi.
Xususan, intensiv bogʻ tashkil qilishda 7-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bogʻbonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya toʻlanadi.
Umuman, kelasi yili bogʻdorchilik boʻyicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.








