Bojxona chegarasi orqali olib kirilgan “bitum“ tovarlari aslida yoqilgʻi (solyarka) boʻlib chiqdi

    Bojxona toʻlovlarini tovar nomi oʻzgartirish orqali chetlab oʻtishga urinish bilan bogʻliq mazkur holat yuzasidan pretsessual tartibda ish olib borilmoqda.

    Qayd etilishicha, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan oldindan olingan tezkor maʼlumotlarga asoslanib, Tovarlarni klassifikatsiyalash guruhi va “Buxoro“ TIF bojxona posti xodimlarining hamkorligi natijasida, hujjatlarda “bitum“ deb koʻrsatilgan yuklar qayta bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Ekspertiza xulosasiga koʻra, mazkur tovarlar aslida solyarka (dizel yoqilgʻisi) ekani tasdiqlandi. Hozirda umumiy qiymati 1 mlrd 23 mln soʻmlik yoqilgʻi mahsulotlari vaqtincha saqlovga olingan.

    Maʼlumot uchun aytadigan boʻlsak, bu kabi qonunbuzarlik holatlari, joriy yilning yanvar oyi davomida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 3 marotaba bartaraf etilgan boʻlib, ularda jami 110 tonnadan ortiqroq dizel yoqilgʻisining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.