Bojxona deklaratsiyasini endi mobil ilova orqali toʻldirish mumkin

    Shu yilning 1-noyabrdan boshlab Oʻzbekiston fuqarolari va chet ellik yoʻlovchilar bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali onlayn tarzda toʻldirish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Bu haqda Bojxona qoʻmitasi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Bojxona qoʻmitasi yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn tarzda toʻldirish va taqdim etish imkonini beruvchi yangi elektron xizmatni joriy etdi. Buning uchun maxsus mobil ilova ishga tushirildi.

    Mobil ilova sodda va qulay interfeysga ega boʻlib, fuqarolar oʻz pasport maʼlumotlarini kiritishi orqali deklaratsiyaning asosiy bandlari avtomatik ravishda toʻldiriladi. Yoʻlovchi faqat kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan davlat haqidagi maʼlumotlar hamda olib oʻtayotgan valyutalar va tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritishi kifoya qiladi.

    Qoʻshimcha qulaylik sifatida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini deklaratsiyada qoʻlda yozish oʻrniga ilova orqali skanerlash imkoniyati yaratildi. Bu orqali 15 raqamdan iborat IMEI-kod avtomatik ravishda shakllantiriladi. Shuningdek, chegara bojxona postlariga infokiosklar oʻrnatish va ular orqali deklaratsiya yuborish imkoniyatini yaratish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.

    Yoʻlovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida chegara postlarida mobil ilovadan foydalanish uchun bepul internet (Wi-Fi) hududlari tashkil etiladi. Deklaratsiyani raqamli shaklda taqdim etish mamlakatning xalqaro turistik imijini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yoʻlovchilar deklaratsiyani oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqt va joyda toʻldirish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Mobil ilovadan foydalanish orqali qogʻozdagi deklaratsiyalarni topshirishda uchraydigan kamchiliklar — maʼlumotlarni kech yoki notoʻgʻri kiritish, maʼlumot qoldirib ketish yoki oʻzboshimchalik bilan oʻzgarish kiritish holatlarining oldi olinadi.

    Hozirda “Yoʻlovchi-deklaratsiyasi” mobil ilovasi Android va iOS tizimlarida ishlaydi. Foydalanuvchilar uni “Play Market” va “App Store” orqali yuklab olishlari mumkin. Yangi axborot tizimi avvalboshda “Toshkent” xalqaro aeroportida sinov tariqasida ishga tushirilgan boʻlib, 2025-yil 1-noyabrdan boshlab barcha chegara oʻtkazish punktlarida toʻliq joriy etiladi.

    Mazkur yangilik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-son Farmoni asosida amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, 2025-yil 1-noyabrdan boshlab yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali rasmiylashtirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.