баннер
11 Apr 2025
14:57

    Bojxona kodeksidan bojxona tashuvchilarining reyestriga kiritilish uchun zarur boʻladigan hujjatlar chiqarib tashlanishi mumkin

    Oliy Majlis qonunchilik palatasining navbatdagi majlisda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.

    Ushbu qonun loyihasida tadbirkorlik subyektlarining 12 turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabarnoma olish talabi bekor boʻlishi, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish boʻyicha arizalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali ham taqdim etish imkoniyatini yaratish belgilanmoqda.

    Loyiha litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini qisqartirish borasida olib borilgan islohotlarni oʻzida aks ettirib, u bilan amaldagi 3 ta kodeks va 5 ta qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.

    Shuningdek, 12 ta litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomili bekor qilinishi, 4 ta litsenziya va ruxsatnomani xabardor qilish tartibiga oʻtkazish koʻzda tutilyapti. 1 ta xabarnoma yuborish tartib-taomili ruxsat berish tartibiga, 2 ta litsenziya uchun xulosa olish bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. 3 ta ruxsat berish tartib-taomili “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiqlashtirilmoqda.

    Bojxona kodeksidan esa bojxona tashuvchilarining reyestriga kiritilish uchun zarur boʻladigan hujjatlar chiqarib tashlanmoqda. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunning ayrim moddalari litsenziyaning faoliyat turlari oʻzaro birlashtirilishi munosabati bilan takomillashtirilyapti.

    Bundan tashqari, jarima solish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan jarima soʻmmasi miqdorining 50 foizi 15 kun ichida, 70 foizi 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda toʻlanganda, litsenziyani, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yoki xabarnoma yuborish toʻgʻrisidagi ariza bilan vakolatli organga murojaat qilingan taqdirda, jarimaning qolgan soʻmmasini toʻlashdan ozod etilishi belgilanyapti.

    Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va raqobat muhitini taʼminlashga xizmat qiladi. Chet el yuridik shaxslariga litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.

    Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech