Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruvi qilinayotgan tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi boʻyicha tasniflanishida qator qulayliklar joriy etilmoqda.
Jumladan, bu boradagi qonunchilik talablari qayta koʻrib chiqilib, bojxona tartib-taomillari soddalashtirilmoqda. Xususan, bojxona organlari tomonidan tovarlarning TIF TN kodlarini belgilash yuzasidan dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Bojxona kodeksining 52-bobiga muvofiq, bojxona organlari tovarlarning tasniflanishiga nisbatan Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq tovar bojxona organiga taqdim etilgunga qadar dastlabki qaror qabul qilishi mumkinligi belgilangan.
Tovarlarni tasniflash boʻyicha dastlabki qaror qabul qilish toʻgʻrisidagi soʻrovda tovarlarning toʻliq tijorat nomi, asosiy texnik va tijorat tavsiflari va boshqa tasniflash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Shu bilan birga, Bojxona Kodeksning 371-moddasiga muvofiq, soʻrov bojxona organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida koʻrib chiqiladi va bojxona organi tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida arizachini tovarlarni tasniflash boʻyicha dastlabki qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Tovarlarni tasniflash boʻyicha qabul qilingan dastlabki qarorlar reyestri Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan yuritiladi va davriy ravishda www.bojxona.uz rasmiy veb sayti orqali eʼlon qilib boriladi.
Bugungi kunda Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtiroklari Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan tovarlarining TIF TN kodiga aniqlik kiritish maqsadida bojxona organlariga elektron (toshkent_shahri@customs.uz, tashkent_customs@exat.uz) yoki yozma ravishda murojaat etishlari mumkin.
Dastlabki qaror qabul qilinganligi uchun Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 09-noyabrdagi “Bojxona yigʻimlari stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 700-sonli qaror talabi boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizi miqdorda bojxona yigʻimi undiriladi.
Tovarlarni tasniflash boʻyicha dastlabki qaror, agar u oʻzgartirilgan, qaytarib olingan yoki bekor qilingan boʻlmasa, qabul qilingan kunidan eʼtiboran bir yil ichida amal qiladi. Ushbu muddat tugagach, dastlabki qaror oʻz kuchini yoʻqotadi, bu manfaatdor shaxsning yangi dastlabki qaror berish toʻgʻrisidagi soʻrov bilan murojaat etishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Shu oʻrinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan oʻtgan davr mabaynida jami 1 302 ta dastlabki qarorlar qabul qilingan boʻlib, Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga belgilangan muddatda javoblar yuborilgan.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, TIF ishtirokchilarining dastlabki qarorga ega boʻlishlari afzalliklari:
Birinchidan, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini osonlashadi, bu esa tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining vaqtini sezilarli darajada tejaydi.
Ikkinchidan, zarur bojxona toʻlovlarini oldindan hisoblash imkonini beradi.
Uchinchidan, import yoki eksport qilinadigan tovarlar litsenziyalanishi yuzasidan va maʼlum cheklovlar mavjudligi boʻyicha aniq maʼlumotlarga ega boʻladi.
Yana bir muhim afzalligi shundaki, TIF TN kod toʻgʻrisida uchrayotgan turli xil xatoliklar oldi olinadi.
Mirvohid QAMBAROV,
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi
Tovarlarni klassifikatsiyalash guruhi rahbari