Bojxonachilar 70 tonnadan ziyod “kaliy xlorid” mineral oʻgʻitining noqonuniy eksportini fosh qildi

    Kaliy xlorid yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar roʻyxatiga kiradi.

    Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan “Olot” chegara bojxona postida oʻtkazilgan tezkor tadbirda respublikamizdan chiqib ketayotgan 2 ta yuk avtotransport vositasi toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.

    Hujjatlarga ishonilsa, mazkur transport vositalariga 71 tonna 187 kg.dan ziyod “texnik kaliy karbonat” mineral oʻgʻitlari ortilgan boʻlishi kerak edi.

    Markaziy bojxona laboratoriyasi tahlillari asosida oʻtkazilgan ekspertiza natijalariga koʻra, ushbu tovarlar qoplarga yozilganidek “texnik kaliy karbonat” emas, aksincha butunlay boshqa kimyoviy mahsulot – “kaliy xlorid” mineral oʻgʻiti ekanligi aniqlandi.

    Mazkur holatda vaqtincha saqlovga olingan mineral oʻgʻitlarning umumiy qiymati 355 mln. soʻmdan oshmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, kaliy xlorid yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar roʻyxatiga kiradi.

    Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo sanoati tashkilotlarining eksport-import faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan kimyoviy mahsulotlar eksporti faqatgina “Oʻzkimyoimpeks” MCHJ orqali amalga oshiriladi.