Buxoro shahrida o'tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan shaxs yuk avtotransport vositasiga ortilgan pirotexnika vositalarini 83 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 50 ming AQSH dollarini qabul qilib olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo'lga olindi.
Shahardagi ov qurollarini sotish uchun mo'ljallangan savdo do'konidan yuk avtotransport vositasiga ortilgan ushbu pirotexnika vositalari ko'zdan kechirilganida, 19 turdagi 7016 dona salyutlardan iborat ekanligi ma'lum bo'ldi.
Mazkur salyutlar xavflilikning II klassiga tegishli bo'lib, 2021-yilning 2-dekabridan e'tiboran jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, realizatsiya qilinishi va foydalanilishi taqiqlanadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ushbu holatda olib qo'yilgan pirotexnika vositalarining umumiy qiymati 1 milliard so'mni tashkil qilmoqda.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.