Bojxonachilar kartoshka ichiga yashirilgan 154 kg.dan ortiq giyohvandlik vositalarini fosh qilishdi

    Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi

    Giyohvandlikka qarshi kurashning yangi usul va vositalari amaliyotga joriy qilingani sayin narkokuryerlar ham giyohvand moddalarni yashirishning hech kim kutmagan qingʻir usullarini qoʻllay boshlashadi.

    Bu esa davlat bojxona xizmati organlaridan doimiy xushyorlik, sinchkovlik va ziyraklikni talab etadi.

    Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining navbatdagi yashirin aylanmasini fosh qilishdi.

    Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postiga qoʻshni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi respublikamizda tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi “Doʻstlik” chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatga chiqib ketishi lozim edi. Hujjatlarga koʻra, unga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangan.

    Oʻrnatilgan tartibda ushbu transport vositasi postdagi inspeksion koʻrik majmuasi orqali koʻzdan kechirilganida, yuklarning rentgen tasviri bojxona xodimlarini shubhalantirib qoʻydi.

    Natijada, avtomashinadagi kartoshka solingan 533 ta qopning 38 tasiga 1305 dona mohirlik bilan tayyorlangan kartoshka shaklidagi oʻramlar – giyohvandlik vositalari joylangani fosh boʻldi.

    Mazkur oʻramlardagi “gashish” giyohvandlik vositasining umumiy ogʻirligi 154 kg. 90 gr.ni tashkil qildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, qonunbuzarlar oʻz qingʻirligini yashirish maqsadida har bir oʻramga polietilen, nusxa koʻchirishda foydalaniladigan qora qogʻoz va germetik skotch yordamida ishlov berishgan.Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.