Bojxonachilar “mato” operatsiyasilariga chek qoʻyishdi

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idora” temir yoʻl chegara bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan yuk konteynerida hujjatlarga koʻra 51 ming m2 “tekstil matolari” tovarlari bojxona postiga kirib keldi.

    Mazkur tovarlar ularga tegishli yuk hujjatlari bilan oʻzaro solishtirgan holda belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada yuk konteyneridagi mato tovarlarining hujjatlarida qoʻshimcha oʻlchov birligi kilogrammda koʻrsatilganligi, vaholanki matolar kg.da emas, balki kvadrat metr hisoblanishi aniqlandi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, qiymati 2 mlrd. 321 mln. soʻmni tashkil etuvchi mazkur tovarlarga 173,3 mln. soʻm miqdorda qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.

    Navbatdagi shunga oʻxshash holatda, xorijdan 2 ta yuk konteynerida masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan matolar bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Qarangki, yuk hujjatlarida salkam 2,5 tonna matolar qayd etilmaganligi, shuningdek tovarlarning oʻlchov birligi notoʻgʻri koʻrsatilganli fosh boʻldi.

    Mazkur tovarlarning taxminiy umumiy qiymati 1,1 mlrd soʻmni tashkil etib, ularga nisbatan 126,2 mln. soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.

    Hozirda tovarlar vaqtincha saqlovga olinib, yuqoridagi holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.