Bugun bojxona organlarida tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga tizimda qulay va zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish, bojxona toʻlovlaridan tegishli tartibda imtiyozlar qoʻllash borasida koʻplab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, ayrim qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorlar ham borki, ular tomonidan tovar-moddiy boyliklarni yurtimizga turli yashirin yoʻllar bilan olib kirish, belgilangan bojxona toʻlovlaridan qochish maqsadida turli qingʻir harakatlarni amalga oshirish holatlari uchrab turibdi. Bojxona xodimlari esa bu kabi nayranglarni oʻz vaqtida fosh etishmoqda.
Xususan, Davlat bojxona qoʻmitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi hamda “Andijon” TIF bojxona posti xodimlari oʻzaro hamkorlikda katta miqdordagi tovarlarning yurtimiz hududiga noqonuniy tarzda kirib kelishining oldini olishdi. Aniqrogʻi, bojxona postiga viloyatda faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan tovar moddiy boyliklari bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.
Koʻrik davomida bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan hujjatlar xodimlarda shubha uygʻotdi. Oʻrganishlar natijasida esa deklaratsiyada “toʻqimachilik matolari” deb koʻrsatilgan tovarlar aslida “sintetik tolalardan tayyorlangan matolar” ekanligi maʼlum boʻldi. Dastlabki xulosalarga koʻra, mazkur matolarning qiymati 6 mlrd. 412 million soʻm ekanligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.