Maʼlumotlarga koʻra, 31 yoshli taksi haydovchisi notanish shaxslardan 2 dona “reduktor” avto ehtiyot qismini 200 dollar evaziga qabul qilib, “Navoiy” chegara bojxona postiga yetkazib bergan. Reduktorlarni post orqali oʻtkazish uchun esa 1989-yilda tugʻilgan fuqaroni 150 ming soʻmga jalb etgan.
Tovarlar nazorat-rentgen qurilmasida shubhali aks etgani bois, ular belgilangan tartibda koʻzdan kechirilgan. Natijada har bir reduktor ichiga 3 tadan, jami 6 ta oʻram yashirilgani aniqlandi. Ekspertizaga koʻra, oʻramlardan salkam 5 kilogramm “klefedron” sintetik giyohvandlik moddasi chiqqan.
Tezkor tadbir doirasida ehtiyot qismlarini qabul qilib, zanjirning soʻnggi boʻgʻiniga yetkazishi kerak boʻlgan kuryer ham Toshkent shahrining Yashnobod tumanida qoʻlga olindi. Kuryer 2 ta telefon raqami orqali “Vitaliy” deb tanishtirilgan shaxsning koʻrsatmasiga binoan moddalarni ikki nafar fuqaroga topshirishi kerak boʻlgan. Ular “tovar”ni poytaxtdagi 5 ta manzilga tarqatishni rejalashtirgan.
Ayniqsa, taksi haydovchisi, tashmachi va kuryer ehtiyot qismlari ichida sintetik modda borligidan bexabar boʻlgani maʼlum qilindi. Ammo bu holat ularni javobgarlikdan ozod etmaydi.
Prezidentning 3-noyabrdagi farmoniga muvofiq, uyushgan guruh tomonidan giyohvandlik vositalarini transchegaraviy tarzda oʻtkazish uchun 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Bojxonachilar joriy yil davomida 1,6 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qoʻygan.
Hodisa yuzasidan JKning 246- va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.








