Boʻkada sel olib ketgan xonadonlar tiklab berildi

    Joriy yilning 21-iyun kuniga oʻtar kechasi sodir boʻlgan kuchli yogʻingarchilik tufayli yuzaga kelgan tabiiy ofat (suv toshqini) Boʻka tumani markazidagi bino va inshootlarga, aholi yashash xonadonlariga jiddiy zarar etkazgan edi.

    Xususan, Toshloq mahallasining Istiqbol koʻchasi hamda Oʻzbek mahallasining Uvaysiy koʻchalarida joylashgan 19 ta xonadonga ogʻir talofat etib, ularni tiklash maqsadida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.

    Dastlabki kunlarda bu maqsadga viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning farmoyishi bilan 1,5 milliard soʻm pul mablagʻlari yoʻnaltirildi. Shundan soʻng bosiqchma-bosqich jami 5 milliard soʻmga yaqin pul ajratildi.

    Mazkur mablagʻlar Istiqlol va Istiqlol-2 koʻchalariga 1,1 km uzunlikdagi sement-beton qoplamali yoʻl va 700 metr uzunlikdagi piyodalar yoʻlakchasi qurish uchun sarflandi. Tabiiy ofat natijasida zarar etgan xonadonlarni qayta qurish va taʼmirlash uchun bir qator homiylik tashabbuslari ham koʻrsatildi.

    Jumladan, Olmaliq kon metallurgiya kombinati AJ tomonidan 450 tonna sement hamda turli tadbirkorlar va tashkilotlar tomonidan qurilish materiallari etkazib berildi. Shuningdek, shu kuni tumanning “Yangibogʻ” mahallasida 100 ga yaqin xonadonlarga imtiyozli kreditlar asosida arzon uy-joylar topshirildi.