Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasiga

    Hukumat 2 Iyun 2021 2466

    Mard va jasur farzandlarim, yurtimiz qahramonlari!

    Siz, azizlar shu yil 24-31-may kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, azmu shijoatli oʻzbek farzandlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdingiz.

    Sizlarning mana shunday yorqin gʻalabangiz va uning omillari haqida soʻz yuritar ekanmiz, mamlakatimizda keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor berilayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

    Ana shunday yuksak eʼtibor tufayli yoshlarimiz oʻrtasida sportning boshqa turlari qatori boksga boʻlgan mehr va qiziqish ham tobora ortib bormoqda.

    Hech shubhasiz, bu borada oʻzining shonli anʼanalariga ega boʻlgan oʻzbek boks maktabining sizdek munosib vakillarining jahon maydonlarida erishayotgan ulkan yutuqlari ham beqiyos rol oʻynamoqda.

    Bundan besh yil oldin aynan sizlarning yuksak mahorat va matonatingiz bilan Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan XXXI yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston charm qoʻlqop ustalari jahonning eng qudratli va yetakchi boks jamoalari qatoriga koʻtarilgani barchamizga cheksiz gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

    Sizlar keyingi yillarda ana shu yutuqlarni yana-da mustahkamlab, 3 ta Osiyo birinchiligi, Osiyo oʻyinlari va 2019-yili Rossiyaning Yekaterenburg shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatida barcha raqiblarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritganingiz tahsinga sazovordir.

    Oʻzbek boksining shuhratini kelgusida jahon miqyosida keng tarannum etish, ushbu sport turini yoshlarimiz oʻrtasida yana-da ommalashtirish maqsadida yaqinda maxsus qaror qabul qilganimiz sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.

    Mazkur hujjatda qariyb bir asrlik boy tarix va anʼanalarga ega boʻlgan oʻzbek boks maktabini yana-da rivojlantirish, uning jahon sportidagi yetakchilik mavqeini mustahkamlash, yoshlarimiz oʻrtasidan yangi Osiyo, jahon va Olimpiya chempionlari yetishib chiqishini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilanganini aytib oʻtishni istardim.

    Shu oʻrinda mamlakatimizda xotin-qizlar sporti, xususan, ayollar boksi ham izchil rivojlanib borayotganini qayd etish lozim. Sizlar gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Osiyo chempionatida Toʻmaris va Barchinoydek botir va dovyurak momolarimizning munosib davomchilari boʻlgan jasur qizlarimiz ham faol ishtirok etib, 1 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritganlari hammamizni quvontiradi.

    Bu haqda gapirganda, yaqinda yoshlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan dunyo birinchiligida oʻzbek qizi Nigina Oʻktamova milliy tariximizda birinchi marta xotin-qizlar orasida “jahon chempioni” degan yuksak sharafga muyassar boʻlganini faxr bilan tilga olamiz.

    Ishonamanki, bu hali boshlanishi. Kelgusida qizlarimiz bundan ham yuksak gʻalabalari bilan jahon boks olamini hayratga soladi, albatta.

    Aziz gʻolib va muzaffar farzandlarim!

    Sizlarning Osiyo chempionatida erishgan ulkan yutugʻingiz eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga munosib sovgʻa boʻldi.

    Sizlar ushbu gʻalabangiz bilan xalqimizga yana-da koʻtarinki kayfiyat, katta va quvonch olib keldingiz.

    Bunday muvaffaqiyatlar zamirida tajribali murabbiylar va federatsiya xodimlarining kechayu kunduz qilayotgan tinimsiz mehnati, faxriylarimizning yillar davomida toʻplagan buyuk va bebaho merosi, xalqimiz va hurmatli ota-onalaringizning duolari mujassam, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.

    Yaqinda Tokio shahrida boshlanadigan Olimpiya oʻyinlarida ham sizlarga mana shunday ulkan zafar va omadlar yor boʻlsin!

    Jahon sport maydonlarida Vatanimiz bayrogʻini yana-da baland koʻtarib, uning shon-shuhratini oshirishda barchangizga sihat-salomatlik, kuch-gʻayrat va yangi-yangi gʻalabalar tilayman.

    Yorqin va ulkan yutugʻingiz muborak boʻlsin!

    Shavkat Mirziyoyev,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti