Bugun Chirchiq shahrida joylashgan Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida boks boʼyicha Toshkent viloyati hokimi sovrini uchun respublika musobaqasi start oldi.
Musobaqada Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning 130 nafarga yaqin mahoratli sportchilari -49, -52, -57, -60, -63, -69, -75, -81, -91 va +91 kilogramm vazn toifalarida gʼoliblik uchun jang qilishmoqda.
– Davlatimiz rahbarining “Oʼzbekistonda boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida iqtidorli bokschilarni saralash uchun selektsion turnirlar tashkil etish, yoshlarni boks sport turiga keng jalb qilish belgilangan. Shu maʼnoda, oʼtkazilayotgan mazkur musobaqa Vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya etadigan sportchilarni kamolga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Toshkent viloyati boks federatsiyasi raisi Ozod Hasanov.
Toshkent viloyati hokimi sovrini uchun oʼtkazilayotgan turnirning tantanali ochilish marosimida Turizm va sport vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati va Oʼzbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.
Musobaqalar 5 iyungacha davom etadi.