баннер
26 Mar 2025
13:28

    Boku shahrida xalqaro tashkilotlar hamda parlamentlar rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi

    Joriy yil 19-fevralda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Boku shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo Parlament Assambleyasining 15-yalpi sessiyasi doirasida xalqaro tashkilotlar hamda parlamentlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Jumladan, Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy bilan oʻtgan muloqot chogʻida ushbu nufuzli siyosiy tuzilmaning mintaqada tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan loyihalarining ahamiyati, unda Oʻzbekistonning faol ishtiroki alohida qayd etildi.

    Shuningdek, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Toshkentda oʻtkazilishi katta voqelik sifatida eʼtirof etildi. Muhammad Rizo Majidiy mazkur xalqaro miqyosdagi tadbirda ishtirok etishidan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Uchrashuvda Assambleyaga aʼzo davlatlar bilan samarali parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

    Muloqotda davomida mintaqa mamlakatlari oʻrtasida sayyohlar oqimi ortib borayotganligi taʼkidlandi. Madaniyat, sanʼat hamda ziyorat turizmi yoʻnalishidagi hamkorlik loyihalarini ham yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

    Shu kunning oʻzida Pokiston Senati Raisi Yusuf Rizo Gʻiloni bilan ham uchrashuv oʻtkazildi.

    Unda ikki davlat yetakchilarining saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va birodarlik aloqalari strategik sheriklik ruhida izchil rivojlanayotganligi taʼkidlandi.

    Muloqotda davomida ikki mamlakat xalqlarining mushtarak tarixi va oʻxshash qadriyatlarini inobatga olib, madaniy loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida fikr almashildi.

    Shuningdek, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, doʻstlik guruhlari faoliyatini hamda oʻzaro tashrif va muloqotlarni faollashtirishga kelishib olindi.

    Uchrashuvda joriy yil 5-9-aprel kunlari Toshkentda oʻtkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida Pokiston tomoni ham ishtirok etishga katta qiziqish bildirayotgani qayd etildi.

    Tashrif davomida Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda qonunchilikni takomillashtirish masalalarini muhokama etildi.

    Belarus Respublikasi Osiyo Parlament Assambleyasida kuzatuvchi maqomini olganligi yangi istiqbollarni ochishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi alohida taʼkidlab oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech