Bokudagi mebel sexida yuz bergan falokat qurbonlari soni sakkiz nafarga yetdi

    Ozarbayjon Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari Bokudagi mebel sexlaridan birida sodir bo'lgan portlash va yong'in oqibatida halok bo'lgan sakkizinchi kishining jasadini vayronalar ostidan olib chiqdi.

    Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

    “Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari vayronalar ostidan yana bir kishining jasadini topdi”, — deyiladi xabarda.

    Oldinroq 7 kishi halok bo'lgani va 24 kishi yaralangani xabar qilingan edi.

    15-yanvar kuni Bokuning Binagadi tumanidagi mebel sexida portlash bilan birga yong'in sodir bo'ldi. Yong'in o'chirildi. Mazkur holat yuzasidan Ozarbayjon Jinoyat kodeksining 225.3 (ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o'limiga sabab bo'lgan yong'in xavfsizligi qoidalarini buzish) va 314,3 (beparvolik) moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, hodisa sabablarni, shuningdek, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlangan, deb xabar beradi tass.ru.