Bola huquqlari bo'yicha vakil: Kitob tumanidagi 5- Mehribonlik uyida bolalar juda yomon sharoitda yashamoqda

    Bola huquqlari boʻyicha vakil Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida xizmat safarida boʻlib qaytdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.

    Xizmat safari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning qonuniy asoslarini yana-da mustahkamlash masalasini kompleks oʻrganishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

    Qarorga koʻra, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga yaratilgan shart-sharoitlarni tanlov asosida hududlarda oʻrganish boʻyicha ishchi guruhi va chora- tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Ishchi guruhi tarkibida Bola huquqlari boʻyicha vakil Bolalar uyi va Mehribonlik uylarida yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, tarbiyalanuvchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtishi, sogʻlomlashtirish, sogʻlom ovqatlantirish holatlari, bolalarni oilalarga qaytarish jarayoni, muassasa bitiruvchilarining bandligi, jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlash, bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holati, muammo va takliflarni oʻrgandi.

    Jumladan, Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida joylashgan 5-Mehribonlik uyida oʻrganish kuni muassasada 65 nafar (qizlar 28 nafar) tarbiyalanuvchilar boʻlib, ularning 15 nafarini chin yetimlar tashkil etadi. Muassasada bolalarning boʻsh vaqtini oʻtkazish uchun yetarli sharoitlar mavjud emas. Mebellar eski.

    Sogʻlom ovqatlantirish holatlarini oʻrganish davomida Bola huquqlari boʻyicha vakil eʼtiborini tarbiyalanuvchilarning birinchi ovqatni umuman yemasdan chiqqani va deyarli ikkinchi ovqatni ham yemagani diqqatini tortdi. Birinchi ovqatga karam shoʻrva qilingan boʻlib, u oʻta yogʻli va noxush hidi bor edi.

    Bolalarga tushlikda sharbatlar berilmagan. Holat yuzasidan mahsulotlar sifatini koʻrish uchun oziq-ovqat omboriga tashrif buyurilganda mahsulotlar sifati boʻzilganligi karam, rediska, kartoshka va noklarning chirib qolganligi, goʻshtning rangi oʻzgarganligi, koʻplab yogʻlari borligi, goʻsht mahsulotlarini tortib koʻrish soʻralganda tarozi yoʻqligi, oshxonaning sanitariya holati yaxshi emasligi, idishlar yetishmasligi, bolalarga alyumen krujkalarda choy berilayotganligi, krujkalarni ushlashga quloqlari yoʻqligi, bu esa bolalar sogʻligi uchun xavfliligi va bir qator kamchiliklar aniqlandi.

    Holatni chuqur oʻrganish uchun tuman prokuraturasidan vakil chaqirildi. Va mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.