Uchrashuvda ikki tomonlama, xususan, parlamentlararo munosabatlarni kuchaytirish borasida muhokamalar boʻlib oʻtdi. Aliya Yunusova, oʻz navbatida, Misr va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik munosabatlar chuqurligini va tashriflar almashuvining muhimligini taʼkidlab, hamkorlik istiqbollarini ochuvchi ikki mamlakat parlamenti oʻrtasida doimiy aloqa mavjudligini qayd etdi.

Oʻzbekiston tomon Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Mehr” operatsiyalari orqali oʻz vataniga qaytarilgan fuqarolarni yana jamiyatga moslashib ketishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, hozirda Misrda taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik  yoshlar, shu jumladan, bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy tasiridan himoyalash boʻyicha ham fikr almashildi.

Muhokamalar davomida Misr Senatining Inson huquqlari va ijtimoiy birdamlik qoʻmitasi va Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) oʻrtasida inson va bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi va Muxammad Xaybat janoblari Oʻzbekistonga taklif etildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.