Bola huquqlari kafolatlari yanada kuchaytiriladi

    Mamlakatimizda 2 Mart 2023 1088

    Oliy Majlis Senatining oʻttiz yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni muhokama etildi.

    Qonunga koʻra bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan bolani otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs yohud hamrohlik qiluvchi shaxs

    chet davlat hududida bolani nazoratsiz qoldirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ellik baravarigacha boʻlgan miqdorda jarimaga tortilishi koʻzda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, ushbu maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin, yana xuddi shunday xatti-harakat sodir etganlik yoxud chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda Oʻzbekistonga qaytarilishini taʼminlamaganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritiladi. Jumladan, shunday qonun buzilishlari uchun uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.

    Yana bir muhim jihati shuki, endilikda “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgarishga koʻra bolaning otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs chet davlatda bolani nazoratsiz qoldirish, yaʼni ota-onaning, ular oʻrinini bosuvchi shaxsning bolaga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlashi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

    Shuningdek, Qonun bilan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar kiritilib, unga koʻra oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim va tarbiya olishi mumkin boʻlgan bolalar soni yigirma besh nafardan ellik nafargacha

    koʻpaytiriladi. “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar kiritilib, unga koʻra maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi.

    Xulosa qilib aytganda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”ga qonun bilan 4 ta kodeks va 4 ta qonunga zarur oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, xalqimizga xos bolajonlik, insonparvarlik fazilatlari,

    jamiyat va shaxs oldidagi masʼuliyat normativ-huquqiy hujjatlarimizda ham oʻz ifodasi topyapti.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.