Mazkur qonun loyihasi bilan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi toʻlovlarini marhumning qaramogʻidagi farzandlariga, ular 18 yoshgacha, agar umumiy oʻrta taʼlim muassasasi, akademik litsey va oliy taʼlim muassasasida oʻqiyotgan boʻlsa 23 yoshga toʻlgunga qadar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini toʻlash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, nogironligi bolalikdan boʻlgan bolalarga 18 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qoʻshib hisoblash, bolani parvarishlash vaqtining hammasini jamlanganda koʻpi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qoʻshib hisoblash belgilanmoqda.
— Ushbu qonun loyihasi juda xalqchil hujjat hisoblanadi, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Ural Oʻrozboyev. — Joylarda boʻlganimizda, saylovchilar bilan uchrashganimizda aholi vakillari, ayollar tomonidan mazkur qonun loyihasida koʻzda tutilayotgan masala va munosabatlarga oid juda koʻplab savollar berilar edi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 70 foiz ayollarda 2 va undan ortiq bolalari bor. Amaldagi qonunchilikka koʻra, nechta farzand boʻlishidan qatʼiy nazar mehnat stajiga 3 yil staj qoʻshilar edi. Qonun loyihasida esa bolani parvarishlash vaqtining hammasini jamlanganda koʻpi bilan 6 yil staj qoʻshish taklif etilmoqda. Bu esa ayollarimizni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan respublika hududida karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud boʻlgan davrda pensiya olish huquqi vujudga kelgan fuqarolar ushbu tadbirlar (cheklovlar) davrida yoki tugagandan soʻng bir oy ichida pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etgan taqdirda, ularga pensiya uni olish huquqi paydo boʻlgan sanadan tayinlash taklif etilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.