Bolaga qoʻpol harakati oqibatida tan jarohati yetkazgan enaga yordamchisiga jinoyat ishi ochildi

    Ijtimoiy hayot 27 Dekabr 2023 490

    Toshkentdagi xususiy bogʻchada tarbiyachining qoʻpol harakati oqibatida bolaga tan jarohati yetkazilgani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

    17-noyabr kuni enaga yordamchisi K.Gʻ. karavotda oʻtirgan bolaning qoʻlidan tortib, qoʻpol tarzda koʻtargan. 18-dekabr kuni berilgan tibbiy ekspertiza xulosasiga koʻra, bolaning qoʻli chiqib ketgan va oʻrtacha ogʻirlikdagi tan jarohati olgan.

    Enaga yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 116-moddasi 1-qismi (Shaxsning oʻz kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda boʻlishi tufayli kasb yuzasidan oʻz vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozir dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.