Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov ham ishtirok etib, bitiruvchilarning keyingi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Bitiruv oqshomida Toshkent tibbiyot universitetidan 13 ta, SAMPIdan 6 ta, Stomatologiya institutidan 4 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 4 ming nafar boʻlajak shifokorlar 37 million aholining koriga yaraymiz, dardini olamiz deya bir ovozdan qasamyod qabul qildi.
— Bugun sizlar uchun unutilmas, hayotingizdagi muhim burilish nuqtasi. Yillar davomidagi izlanishlar, tunlar bilan yor-oʻrtoq boʻlgan oʻqishlar, amaliyotlar va sinovlar ortda qoldi, — deydi universitet rektori Shuhrat Boymurodov. — Siz endi faqat talabagina emas, balki inson hayoti uchun javobgar boʻlgan haqiqiy shifokor sifatida yoʻlga chiqyapsiz. Siz tanlagan kasb faqat bilim emas, mehr, sabr va fidoyilik talab qiladigan ulugʻ yoʻldir. Insonning ogʻrigʻini yengil qilish, umidsiz koʻzlarga nur ulashish, hayot uchun kurashish — bu har bir shifokorning muqaddas burchidir. Ishonchim komilki, qanday sharoitda boʻlmang, qanday sinovlar kelmasin, qalbingizdagi qasamga sodiq qolasiz. Ilm, insonparvarlik va halollik sizning asosiy yoʻldoshingiz boʻladi. Bugun sizlar nafaqat diplom, balki butun jamiyatning ishonchini ham oldingiz. Ana shu ishonchni oqlashda omad, kuch va sogʻlik hamisha yoʻldoshingiz boʻlsin.
Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-apreldagi 149-sonli Qaroriga asosan Toshkent davlat tibbiyot universitetining tashkil etilishi barcha uchun muhim yangilik boʻldi. Bugungi kunda Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarkibida 2 ta filial: Termiz va Chirchiq filiallari tibbiyot kadrlarini tayyorlamoqdalar. 100 yoshni qarshilagan Toshkent davlat tibbiyot universiteti bugunga qadar mamlakatimizga 100 mingdan ziyod malakali shifokorlar tayyorlab bergan va bermoqda.
Bugun Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarixida yangi sahifa ochildi. Shu ondan boshlab, butun bilimim va kuch-gʻayratimni inson hayotini saqlash va salomatligini tiklashdek muqaddas ishga bagʻishlashga qasamyod qildim. Har doim tibbiyot oliy qadriyatlariga sodiq qolib, bemorlarga mehribon, halol va vijdon bilan xizmat qilaman, — deydi bitiruvchilardan biri.
Ha, har bir lahza – xotira, har bir surat – tarix deganlaridek, ushbu lahzadan shifokorlar safini toʻldirgan yoshlar qalbida faqat bir his — masʼuliyat hissi bilan yoʻlga chiqmoqda.
Masʼuliyat — bemor koʻzidagi umidga javobgarlik, har bir qoʻyilgan tashxis, yozilgan davo va aytilgan soʻz uchun javobgarlik. Endi ularning har kuni inson hayoti bilan chambarchas bogʻliq. Bu yoʻlda mehr, sabr va bilimi bilan xalq xizmatida boʻlish, vatanga sadoqat va insonparvarlikning haqiqiy namunasini koʻrsatish – ular uchun endi sharafli burchdir.
Hamkorlik materiali











