Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat va notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va «Maʼrifat» targʻibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda «Baxtli bolalik sharafiga» loyihasi boʻlib oʻtdi.
Mazkur xayriya tadbirida poytaxtlik 4000 dan ortiq alohida eʼtiborga olingan oila farzandlari ishtirok etdi. Tadbir doirasida turli madaniy tadbirlar, jumladan, kitoblar koʻrgazmasi, hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi, rasm chizish musobaqalari tashkil etildi.
Aytish joizki, «Maʼrifat» targʻibotchilar jamiyati tomonidan bugungi kunga qadar oʻsib kelayotgan yosh avlodni ajdodlarga munosib avlod etib tarbiyalash hamda maʼnaviy olamini yanada boyitishga qaratilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Xususan, farzandlarimizni xalqimizning yillar davomida shakllangan milliy taʼlim-tarbiya uslublari, oʻzbekona oila modeliga asoslanib voyaga yetkazish, bolalar maʼnaviy dunyosini boyitish maqsadida «Zukko Bolajon!» fotoalbomi tayyorlandi. Fotoalbom taqdimoti respublikamizdagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻtkazildi.
Shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun ham «Bolalarga maʼrifat ulashib», «Baxtli bolalik» loyihalari doirasida kitob koʻrgazmalari, turli koʻngilochar tomoshalar, konsert dasturlari oʻtkazilib, mazkur tadbirlar davomida 10 ming nafardan ortiq bola qamrab olindi. «Maʼrifat tur» loyihasi davomida esa oʻgʻil-qizlarning yurtimizdagi qadimiy obidalar, qadamjolar va diqqatga sazovor joylarga tashriflari amalga oshirildi.
Madaniy-maʼrifiy tadbir davomida namoyish etilgan musiqali teatr bolajonlar quvonchiga quvonch qoʻshdi.
Munojat Moʻminova