Ma’lumot berilishicha, bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida “Yoz-2022” shtabi tashkil etildi. 205 ta stasionar oromgohlarda faoliyat yuritish uchun jami 4 683 nafar pedagog kadrlar ro‘yxati shakllantirilib, ular maxsus o‘quv dasturlari asosida o‘qitildi.
Joriy yilgi yoz mavsumida jami 1 131 ta oromgoh (205 ta stasionar va 926 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari) faoliyat ko‘rsatib, ularda 297 441 nafardan ziyod bolalar dam oldirilishi rejalashtirilgan.
Mavsum davomida bolalarni oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish tadbirlari uchun jami 100 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Joriy yilning 8 iyun holatiga 533 ta ta’lim muassasasida sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 47 840 nafar bolalar dam oldirilmoqda.
Sog‘lomlashtirish maydonchalarda o‘quvchilarning yozgi ta’tilini maroqli tashkil etish uchun:
— 5 278 nafar mehnat ta’tilida bo‘lmagan pedagog va xodimlar jalb qilingan. Ularda turli rivojlantiruvchi kompyuter o‘yinlari, tasviriy san’at, mental arifmetika kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi;
— kinozallar tashkil etilib, bolalarga mo‘ljallangan eng qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etilmoqda;
— 5 ta muhim tashabbus doirasida ko‘rik-tanlov, festival va tadbirlar o‘tkazilmoqda;
— bolalar uchun sun’iy suzish havzalari ham tashkil etilgan.
Bundan tashqari Yoz mavsumida 5 ta muhum tashabbus doirasida 20 dan ortiq ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 1,2 mln nafardan ortiq o‘quvchilarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Bolalarning intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishi uchun Respublika “Bolalar kutubxonasi” tomonidan 10 dan ortiq festival va ko‘rik-tanlovlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Oromgohlarga 123 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib berilgan va kitob.uz platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratildi.
O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan “5 tashabbus — sport bilan” shiori ostida stritbol, kurash hamda “Quvnoq startlar” sport musobaqalari tashkil etiladi.
Shuningdek, 217 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari va 13 ta “Bolalar kutubxonalari”ning faoliyati alohida reja asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan “Barkamol avlod” bolalar maktablarida bolalarga maktabdan tashqari qo‘shimcha ta’lim berish jarayonini innovasion metodlardan foydalangan holda tashkil etish uchun 7 yo‘nalishda 65 nomdagi to‘garaklar faoliyat olib boradi. Ularda Hunarmandchilik va qo‘l mehnati yo‘nalishi, Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishi, Madaniyat va san’at yo‘nalishi, Texnika, konstruktorlik va modellashtirish, Turizm va ekologiya yo‘nalishi hamda Xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha qator o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari bolalarni yoz mavsumida bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida joriy yilning iyun-avgust oylari davomida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “Ta’til __ BARKAMOL bilan” shiori ostida ko‘rik-tanlov va musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida 217 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari mavjud bo‘lib, ulardagi mavjud 9033 ta to‘garaklarga 260 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar jalb qilingan.