Bolalar bogʻchasi 18 yil tanaffusdan soʻng faoliyat boshladi

    Ta'lim 15 Oktabr 2020 692

    Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida 18 yil davomida qarovsiz qolgan bolalar bogʻchasi qayta faoliyat boshladi.

    Tumandagi 22-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti 2002-yilda oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. Yillar davomida foydalanilmay, qarovsiz holatga kelib qolgan bino tom maʼnoda ikkinchi hayotini boshladi.

    Investitsiya dasturiga muvofiq mukammal taʼmirlangan mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi va birinchi kunlardanoq 80 nafar bolajonni oʻz bagʻriga oldi.

    Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda Boyovut tumanida 31 ta davlat, 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 12 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritib kelyapti.

    2019-yilda tumanda bogʻcha yoshidagi bolalarning 38,2 foizi tarbiya maskanlariga qamrab olingan boʻlsa, bugungi kunga kelib bu koʻrsatkich 52,0 foizni tashkil etadi. Joriy yil yakuniga qadar bolalar qamrovini 60,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.