Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur bayramga Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar, oilaviy bolalar uylari hamda alohida ehtiyojli bolalar taklif etildi.
Bayramona bezatilgan archa, yorugʻ chiroqlar va rang-barang sharlar bolajonlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Sahnalashtirilgan tomoshalar, ertak qahramonlari ishtirokidagi quvnoq oʻyinlar hamda kuy-qoʻshiqlar bolalar qalbida yangi yil shodiyonasini yanada kuchaytirdi. Yosh ijodkorlarning rangtasvir asarlari esa tadbirga oʻziga xos maʼnaviy ruh bagʻishladi.
Bu yil “Prezident archasi” tadbirlari bolalarning qiziqishi va dunyoqarashidan kelib chiqqan holda yangicha mazmunda tashkil etildi. Orzu, ishonch va poklik gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan dasturlar bolajonlarning maʼnaviy olamiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
— “Prezident archasi” tadbirlari orqali biz bolalarga quvonch ulashish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va yangi yil bayramini chin maʼnoda his etishlariga sharoit yaratmoqdamiz. Har bir bola eʼtibor markazida boʻlishi, oʻzini qadrli va eʼzozlangan his qilishi — bizning asosiy maqsadimizdir dedi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Roʻzmetova.
Tadbir doirasida mamlakat boʻylab 11 ming 125 dona Prezident sovgʻalari tayyorlandi. Ularning tarkibiga bolalarning taʼlim olishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga xizmat qiluvchi 24 nomda oʻquv anjomlari, shuningdek, 34 nomda shirinlik mahsulotlari kiritildi. Ayni paytda ushbu sovgʻalar belgilangan manzillar boʻylab yetkazib berilmoqda.
“Prezident archasi” — bolalar qalbida umid, mehr va ishonchni mustahkamlaydigan ezgu anʼanaga aylanib ulgurgan.
Zulxumor AKBAROVA