Tadbirda Xalqaro mehnat konferensiyasida ishtirok etayotgan 187 ta davlat orasida qisqa vaqt mobaynida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham bergan davlat sifatida Oʻzbekiston tajribasi namoyish etildi.
Unda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya raisi T. Narbayeva “Bolalar mehnatiga barham berishda Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida maʼruza qildi.
Milliy komissiya raisi oʻz maʼruzasida mamlakatimizning bolalar mehnati va majburiy mehnatga nisbatan keskin pozitsiyasi hamda xalqaro hujjatlar, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy konvensiyalari va 29-sonli Konvensiyaga Bayonnoma ratifikatsiya qilingani sohaga oid islohotlarning mustahkam huquqiy poydevori boʻlganini taʼkidladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va Mehnat kodeksi esa bolalar mehnatiga tamoman chek qoʻyishga qaratilgani, har bir fuqaroning ijtimoiy himoyasini kafolatlash esa inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosatining markazidan joy olgani qayd etildi.
Konferensiya ishida mamlakatimizda Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiyalarini ratifikatsiya qilish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, institutsional asoslarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etayotgan ekspertlar bugungi kunda Oʻzbekiston tajribasi bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurash olib borayotgan davlatlar uchun model boʻlib xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.