Bolalar milliy tibbiyot markaziga direktor tayinlandi

    Saidov Maksud Arifovich Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi.

    Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan tibbiyot fanlari nomzodi Saidov Maksud Arifovich Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi.

    1986-yilda tugʻilgan M.Saidov Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagach, Rossiyaning akademik A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi milliy tibbiyot markazida klinik ordinatura boʻyicha tahsil olgan.

    2015-yildan 2018-yilgacha ushbu nufuzli tibbiyot markazida vrach-kardioxirurg sifatida faoliyat olib borgan. Shuningdek, Germaniya va Belarus Respublikasining yetakchi klinikalarida malaka oshirgan.

    2018-yilda Oʻzbekistonga qaytib, Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bolalar kardioxirurgiyasi boʻlimi mudiri sifatida ish boshlagan.

    Bir necha xorijiy tilda erkin muloqot qila oladigan M.Saidov 2020-yildan beri Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filiali direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.