Tajribali mutaxassis tibbiyot institutini yurtimizda tamomlab, aspiranturani I.M. Sechenov nomli 1-Moskva tibbiyot institutida oʻqigan. Bir necha yil davomida Sogʻliqni saqlash vazirligida Fanlar boshqarmasi bosh mutaxassisi, soʻng vazirlikning bosh pediatri boʻlib ishlagan. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Muruvvat yordami boʻyicha komissiyasining muvofiqlashtiruvchi guruhi rahbari boʻlgan.

Oʻz ish faoliyati bilan parallel ravishda Sogʻliqni saqlash vazirligining Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi bilan aloqalar boʻyicha guruh koordinatori sifatida ham ishlagan.

Tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipov tayinlovdan avval koʻp yillar davomida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shoshilinch pediatriya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib, tibbiyot sohasi uchun yuzlab kadrlarni yetishtirishga oʻz xissasini qoʻshib kelgan.

Eslatib oʻtamiz:

Bolalar milliy tibbiyot markazi Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi hamkorlikning yaqqol namunasi sifatida, tibbiyot va ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari asosida qurilgan boʻlib, oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan. Qiymati 130 million dollardan ziyod boʻlgan mazkur tibbiyot markazi Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan. Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya, gemodializ va reanimatsiya boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Markazda faoliyat yuritish uchun 100 nafardan ortiq shifokor va hamshiralar, medtexnik va axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar Koreya Respublikasining yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytishgan.