Tadbirda deputatlar, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Bola huquqlari boʻyicha vakil hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Taʼkidlanganidek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament nazorati muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, Hukumat qarori bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar belgilab olingan.
Tadbirda bugungi kunda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan fuqarolar haqida maʼlumot shakllantirish, ular bilan ishlash, reabilitatsiya markazlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining maʼlumotiga koʻra, oilaviy zoʻravonlikning oldini olish va oilaviy zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida “yoʻl xarita”si tasdiqlanib, media-reja qabul qilingan. Taʼkidlanishicha, joriy yilda zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga 4205 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ularning 3827 nafari ayollar, 169 nafari bolalar va 209 nafari erkaklardir.
Muhokamalar davomida yoʻnalishda olib borilgan ishlar tahlil qilinib, hududlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olindi.
Shuningdek, deputatlar tomonidan jamiyatda va oilada maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, zoʻravonlikka qarshi murosasizlik ruhini shakllantirish, bolalar va ayollarning huquqlarini hurmat qilish, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida huquq ustuvorligi prinsipini toʻla qaror toptirish yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida qoʻyilgan maqsad va vazifalarga erishish boʻyicha kelgusi rejalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazildi hamda kelishuv asosida shu kabi formatda muhokamalarni doimiy ravishda oʻtkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.