Bolalarda 50 ga yaqin buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti bajarildi

    Soʻnggi yillarda buyrak va jigar koʻchirib oʻtkazish kabi murakkab amaliyotlarni Oʻzbekistonning oʻzida bajarish yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Bundan bir necha yil avval yurtimizda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari oʻtkazilmasligi bois bemorlar xorijiy mamlakatlarga davolangani borishga majbur edi.

    Tabiiyki, ular bu jarayonda turli qiyinchiliklar va katta miqdordagi moliyaviy xarajatlarga duch kelishardi.

    Keyingi yillarda tibbiyot, xususan, transplantatsiya sohasini rivojlantirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan eʼtibor natijasida buyrak va jigar koʻchirib oʻtkazish kabi murakkab amaliyotlarni Oʻzbekistonning oʻzida bajarish yoʻlga qoʻyildi.

    Xususan, 2017-yildan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi boʻyicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan boʻlsa, 2021-yildan tibbiyotimiz tarixida ilk bor mahalliy mutaxassislar tomonidan jigar koʻchirib oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

    Natijada yurtimizda ushbu noyob jarrohlik muolajalari orqali oʻz salomatligini tiklagan bemorlar soni 15 barobarga ortib, yiliga 350 tani tashkil qildi. Qolaversa, 2017-2023-yillarda 1 100 ta buyrak transplantatsiyasi va 70 dan ortiq jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi. Vaholanki, bu raqam 2017-yilda atigi 27 tadan iborat edi.

    Shuningdek, mazkur yoʻnalishda tajriba va koʻnikmalar oshirilib, bugungacha turli yoshdagi bolalarda 50 ga yaqin buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti bajarildi.

    Transplantatsiya dasturining joriy etilishi nafaqat poytaxt, balki hududlarda ham ushbu yordam hajmini oshirish va tana aʼzolari terminal shikastlangan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilash imkonini berayotir.

    Bundan tashqari, yurtimizda inson organlarini koʻchirib oʻtkazish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi ham samarali yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda ular xorijiy davlatlarda malaka oshirib, chet ellik mutaxassislar bilan qoʻshma jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etmoqda.

    2022-yil may oyida soha rivoji yoʻlida yana bir muhim qadam tashlandi: Prezidentimiz tomonidan “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni imzolandi.

    Mazkur hujjat transplantatsiyani amalga oshirishning maqsad va shartlari, obyektlari, donorlar doirasi hamda donor va retsipiyentning huquqlarini belgilab berdi. Uni tayyorlashda AQSH, Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus va Ukraina kabi davlatlarning bu boradagi qonunchiligi atroflicha oʻrganildi.

    Bir soʻz bilan aytganda ushbu qonun yurtimizda sohaning normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qildi.