Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2027-yil 1-iyulgacha kunduzgi parvarish xizmatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga Markaziy bankning asosiy stavkasida davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida mebel va jihozlar xaridi uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatishni tashkil etish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida, quyidagilar yaratiladi:
- 2025-yil 1-martgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli hamda uning mobil ilovasi;
- 2025-yil 1-sentyabrgacha bolalarning rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash va oʻz vaqtida kompleks ijtimoiy-tibbiy yordam bilan qamrab olish, ularda nogironlikning oldini olish hamda nogironligi boʻlgan bolalarda muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvni taʼminlashga koʻmaklashuvchi “Bolalar salomatligi” axborot tizimi.
Shuningdek, uch oy muddatda Soliq kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar Hukumatga kiritiladi:
- davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) toʻlashdan ozod qilish;
- ota-ona ning kunduzgi parvarish xizmatlaridan foydalangani uchun oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlarini soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritish.