Tanlov quyidagi 2 ta yoʻnalishda tashkil etiladi:
1. Bola huquqlariga oid eng taʼsirli tayyorlangan videorolik. Bunday videorolik vizual va ovozli effektlar, jonli yoki animatsion tasvirlar asosida yaratilgan boʻlishi hamda bolalarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga, ularni hurmat qilishga, tegishli huquqlarni himoya qilishga targʻib etishi zarur.
2. Bola huquqlariga oid eng maʼnoli chizilgan rasm. Bunda rasmlar rassomchilik uslublari va qoidalari asosida chizilgan boʻlishi hamda bolalarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga, ularni hurmat qilishga, tegishli huquqlarni himoya qilishga targʻib etishi zarur.
Tanlovda ishtirok etish uchun materiallar joriy yil 25-oktyabrdan boshlab, 15-noyabrga qadar material muallifining F.I.Sh., hududi, tumani, maktabi, sinfi va telefon raqamini koʻrsatgan holda @tmnn0 telegram manziliga yuborilishi zarur.
Tanlov boʻyicha tasdiqlangan nizom bilan quyidagi havola orqali batafsil tanishish mumkin.
Yurtimizning 6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan barcha oʻquvchi-yoshlari ushbu tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Har bir yoʻnalish boʻyicha gʻolib deb topilgan ishtirokchilar tanlov tashkilotchilari tomonidan maxsus diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadilar. Shuningdek, har bir hududdan bir nafardan eng faol ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlanadi.
Tanlov shartlariga muvofiq yuborilgan ijodiy ishlar Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi hamda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazning rasmiy YouTube, Facebook va Instagram sahifalarida yoritib boriladi, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.