Bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatining holati ko‘rib chiqildi

    Joriy yil 16-yanvarda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Majlisda senatorlar tomonidan dastlab «Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonun muhokama etildi.

    Qayd etilganidek, mazkur Qonun mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ushbu sohani tizimli ravishda nazorat qilishda muhim ahamiyatga ega. Qonunda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy tushunchalarning, shu jumladan, «oziq-ovqat xavfsizligi», «davlat zaxirasi», «ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari», «oziq-ovqat balansi», «oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi» tushunchalarining mazmun-mohiyati ochib beriladi.

    Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligi sohasini tartibga solish mexanizmlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy tamoyillar, ushbu sohadagi davlat siyosatining yo‘nalishlari aniq qilib belgilanadi.

    Ishtirokchilar tomonidan Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni har tomonlama huquqiy tartibga solishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

    Shundan so‘ng bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatining holatini o‘rganish masalasi muhokama etildi.

    Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar sog‘lig‘ini saqlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yana-da yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirib borilyapti. Ushbu sohaning moddiy-texnik ta'minoti yaxshilanib, bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanyapti.

    Shunga qaramasdan, sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, muammo va kamchiliklar mavjudligi senatorlar tomonidan qayd etildi.

    Birgina oxirgi vaqtlarda bolalar orasida kasalliklarning o‘sishi, turli xil kasalliklar tufayli bolalar o‘limi hamon saqlanib qolyapti.

    Shundan kelib chiqqan holda Qo‘mita huzurida mas'ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruh tuzildi hamda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatining holatini o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash rejalashtirildi.

    Majlisda ushbu masalani o‘rganish davomida ishchi guruh a’zolariga amaldagi qonunlar, Prezident tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarning ijrosiga e’tibor qaratishi va o‘rganilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar tayyorlashi zarurligi bo‘yicha tavsiyalar berildi.

    Majlis yakunida Qo‘mitaning muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.