Bolalarimiz sevib isteʼmol qilayotgan ayrim mahsulotlar ular uchun zararli ekanini bilasizmi?

    Bilasizmi? 3 Iyul 2020 2270

    Bolalar uchun deb yozilganiga qaramay, sharbat xarid qilishga shoshilmang. Chunki bu ichimlik tarkibida vitaminlar yetarlicha boʻlmaydi, ammo shakar limmo-lim. Shirin va xushboʻy boʻlishi uchun qoʻshilgan konservant va aromatizatorlar esa koni zarar.

    Buning oʻrniga farzandingizga vitamin va kletchatkaga boy, immunitet va salomatlik uchun foydali tabiiy mevalardan salat tayyorlab bering .

    Yogurt foydali bakteriya, oqsil, kalsiy va vitaminga boy boʻlishiga qaramay, undagi shakar miqdori katta odamga moʻljallangan. Bundan tashqari, turli qoʻshimcha va aromatizatorlar ham bolalar uchun foyda bermaydi. Agar farzandingiz yogurtni yaxshi koʻrsa, unda uy sharoitida tabiiy mahsulotlardan tayyorlab bering. Meva va yongʻoqlar bilan vitaminlarga boyiting. Ikki yoshgacha boʻlgan bolakaylar yogurtiga asal qoʻshsangiz ham boʻladi.

    Turli yormalardan tayyorlangan boʻtqa salomatlik uchun foydali ekani bor gap, lekin buning uchun tarkibida un, shakar, kimyoviy aralashmalar kam boʻlishi kerak. Xarid davomida baʼzi yormalarda, pechenyedagidan ham koʻp glyukoza boʻlishi mumkinligini unutmang.

    Bolalar sevib isteʼmol qiladigan tovuqli naggetslarning zarari uning tarkibidagi mahsulotlardan ham koʻra, tayyorlanish uslubi bilan bogʻliq. Frityur, yaʼni yuqori darajali olovda qizitilgan yogʻda pishirilgan naggetslarni hazm boʻlishi nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham qiyin boʻladi. Agar naggets farzandingizning jonu dili boʻladigan boʻlsa, uy sharoitida tovuq filesidan oʻz qoʻlingiz bilan tayyorlab bering.

    Pasta, spagettilar faqatgina kichik yoshdagilar uchun sevimli emas. Bir zumda tayyorlanadigan lapsha va makaronlar ftalatlarning koni hisoblanadi. Bunday taomlarni muntazam isteʼmol qilish endokrin tizimining ishdan chiqishi, gormonal oʻzgarishlar boʻlishiga olib kelishi mumkin.