“Bolalarimizga ilhom baxsh etish, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlab, bilim choʻqqilariga yetaklash mahorati uchun sizdan minnatdorman”

    Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan barcha taʼlim xodimlarini tabrikladi.

    «Bugun oʻzgacha kun. Men har safar shu kuni hayajon va samimiyat bilan sizga minnatdorligimni izhor etaman.

    Siz boʻlajak qahramonlarni tarbiyalaysiz. Aynan siz sababli ijodkor, orzulari katta, har qanday toʻsiqlarni yengishga qodir jamiyat shakllanadi. Mamlakat kelajagining asosi boʻlmish bilimli, aqlli, isteʼdodli oʻgʻil-qizlar, Vatanni sevadigan, jahonni zabt etishga tayyor yoshlar — sizning zahmatli faoliyatingiz samarasi.

    Ishontirib aytamanki, mehnatingizni yengillatish, turmushingizni yanada farovon qilish hamda oʻqituvchi obroʻ-nufuzini eng yuksak maqomga olib chiqish yoʻlida qoʻlimizdan kelgan hamma ishni qilmoqdamiz. Siz shunga munosibsiz!

    Teran zakovatingiz, cheksiz mehringiz dunyoni yaxshi tarafga oʻzgartirishda davom eting. Bolalarimizga ilhom baxsh etish, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlab, bilim choʻqqilariga yetaklash mahorati uchun sizdan minnatdorman.

    Bayramingiz muborak boʻlsin!», deb yozadi prezident yordamchisi.