Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi soddalashtirilganligi, byurokratik toʻsiqlar qisqartirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2024-yil 3-iyuldagi qaroriga asosan quyidagi yangiliklar joriy etilmoqda:
- Elektron raqamli imzo kalitini berishda jismoniy shaxslar biometrik (Face-ID) identifikatsiya qilinadi va elektron raqamli imzo kaliti avtomatik tarzda rasmiylashtirib beriladi;
- Qurilishi tugallanmagan obyektga birlamchi kadastr pasportini shakllantirishda vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlariga uning nomidan murojaat qilish tartiblari belgilandi;
- Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish uchun rasmiylashtirilgan yoʻllanmalarni maktabgacha taʼlim tashkilotiga axborot tizimi orqali yuborish tartibi joriy etildi.
Bunda, yoʻllanma rasmiylashtirilganda fuqarolarga tasdiq kodga ega xabarnoma yuborish va shu tasdiq kod asosida bola maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilinadi.
Fuqarolarga yoʻllanma olish uchun berilgan soʻrovnomadagi telefon raqamini istalgan vaqtda oʻzgartirish imkoniyati yaratildi.
Bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish davlat tashkilotlarining aybi bilan kechikkanda yoʻllanma oʻz kuchida qoladi.
Avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati bilan muvofiqlashtirildi va avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati 10 kun etib belgilandi.
Katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashish uchun ruxsatnoma berishda arizani koʻrib chiqish muddati 8 ish kunidan 2 ish kuniga kamaytirildi.
Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirishda mulkdorning Majburiy ijro byurosi bazasida qarzdorligini tekshirish axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda amalga oshirilishi belgilandi.
Fuqarolarga Avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish faoliyatiga litsenziya olish jarayonida oʻzini oʻzi band qilgan shaxsni davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazish xizmatidan kompozit usulda foydalanish imkoniyati yaratildi.