Bolalarni haqoratlab, urgan tarbiyachi ishdan boʻshatildi

    20-iyun kuni tarmoqlarda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi 16-bogʻchada tarbiyachi bolalarni haqoratlab, urgani aks etgan video tarqaldi.

    Tasvirda tarbiyachi oyoq kiyim bilan bolalarning qoʻliga, oyogʻiga va yuziga bir necha marta urgani, tarsaki tushirgani hamda qulogʻidan choʻzganini koʻrish mumkin.

    Viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat yuzasidan izoh berarkan, ishchi guruh tuzilib, holat oʻrganilgani va tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan boʻshatilganini maʼlum qildi.

    Xizmat tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.