Mutaxassislarning bu tashvishida asos bor. Chunki hayotining ilk yillaridayoq farzandining bunday xastalikka chalinishini hech bir ota-ota xayoliga keltirmaydi. Ammo tibbiy xulosalar buning aksini isbotlab turibdi.
— Xastalikning ushbu turi bolalar va oʻsmirlar orasida eng koʻp tarqalgan endokrin kasallik hisoblanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Bolalar ilmiy boʻlimi mudiri Nasiba Alimova. — Bu dard bilan xastalanish darajasi geografik joylashuv, iqlim sharoiti va atrof-muhit omillariga qarab sezilarli farq qiladi.
Organizmda insulin yetishmovchiligi hisobiga bemorlarda tez-tez peshobga chiqish, koʻp miqdorda suyuqlik ichish, holsizlik, ozib ketish kabi ilk belgilar namoyon boʻladi.
Farzandida shu kabi alomatlarni oʻz kuzatgan ota-onalarning koʻpchiligi diabet haqida oʻylashmaydi. Oilaviy shifokorga murojaat qilishganda ham, agar bola organizmidagi qand miqdori oʻlchanmasa, bu kasallik haqida xulosa qilish qiyin boʻladi.
Oqibatda bemor birlamchi tibbiyot muassasasidan endokrinolog qabuliga yetib kelguniga qadar koʻp vaqt yoʻqotiladi. Shu tufayli uning ahvoli oʻta ogʻir darajaga yetib borishini ham kuzatish mumkin.
Shu sababli hozir Endokrinologiya markazi birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatib, ularga bolalar yuqoridagi belgilar bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilganda, dastlabki tibbiy koʻriklar qatorida qondagi qand miqdorini oʻlchashni ham tavsiya qilib kelmoqda.
Odatda normal qand miqdori 3,3 dan 5,5 mmolgacha boʻlib, uning bu koʻrsatkichdan oshishi kuzatilsa, mutaxassis bemorni endokrinolog qabuliga yoʻnaltirishi lozim.
Shundagina bolada qandli diabet asoratli kechishining oldi olinib, uning faol hayotga qaytishi tezlashadi.
Qandli diabet bilan ham toʻlaqonli hayot kechirish mumkin. Bu kasallikning oʻzi emas, asoratlari xavfli hisoblanadi. Bundan himoyalanish uchun ota-onalardan farzandining kundalik faoliyati va ovqatlanish ratsioniga eʼtiborli boʻlishlari talab etiladi.
Sogʻlom turmush tarzi, turli xil sport turlari bilan shugʻullanish, kompyuterdan meʼyorida foydalanish, shu bilan birga, oʻz vaqtida emlanish zarur.
Bu borada mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.









