Bolalarning metapnevmovirusga chalingani xususidagi xabarlar mutlaqo asossiz — SSV

    Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi bemor bolalar bilan toʻlgani, ularning bir qismi yangi virusga chalingani aytilgan xabarlar tarqalmoqda.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi bolalarning metapnevmovirusga chalingani xususidagi maʼlumotlar mutlaqo asossiz.

    «Gap shundaki, Yangi yil arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jami beshta — Chaqaloqlarni parvarish qilish, Chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi, Gepatologiya, Nefrologiya hamda Umumiy pediatriya boʻlimlarida profilaktik yuvish-tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan.
    Mazkur boʻlimlarning barchasi bugun, 6-yanvar kunidan qayta ochildi va bu holat tabiiy ravishda bemorlar oqimi nisbatan ortishiga sabab boʻldi.
    Qolaversa, markaz ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda qayd etilgan yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilish va davolashga ixtisoslashtirilmagan.
    Shunday ekan, Sogʻliqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan turli asossiz va tekshirilmagan xabarlar tarqatmaslikni soʻraydi«, deyiladi xabarda.