Bolam hayotga qaytdi!

    Ona uchun farzandining dardmandligidan ogʻir sinov boʻlmasa kerak. Oʻgʻlim Sunnat Bekbergenevning tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgani men uchun hayotning katta zarbasi boʻldi. Har safar bolamga qaraganimda yuragim titrar, dunyo koʻz oldimda qorongʻi boʻlib ketardi.

    Uni koʻp joyda muntazam davolatdik. Foydasi boʻlmadi. Yagona chora jarrohlik amaliyoti edi. Ammo unga mablagʻimiz yoʻq. Turmush oʻrtogʻim ham, oʻzim ham hech qayerda ishlamaymiz. Yaqinlarimiz ham oʻzi bilan oʻzi ovora. Hech kim oʻzidan ortmaydi. Sunnatdan tashqari bir qizimiz ham bor. Bolalar nafaqasiga kun kechiramiz. Shu bois, oilaviy ahvolimiz inobatga olinib, “Temir daftar”ga kiritishdi. Inson farzandining salomatligi uchun hamma narsaga tayyor boʻlarkan. Oʻgʻlimni davolatish uchun oʻzimiz yashayotgan kichkina uyniyam sotmoqchi boʻldik. Ammo shundayam jarrohlik amaliyotiga pul yetmasdi.

    Oilaviy poliklinika shifokorlari Bolalar milliy tibbiyot markaziga yoʻllanma berdi. 5-aprelda bu yerga kelgan boʻlsak, 20-aprelda farzandimda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Eshitishimga qaraganda, jarrohlik amaliyoti kamida 30 million soʻmni talab qilarkan. Bizda esa operatsiya mutlaqo bepul amalga oshirildi. Ayni paytda oʻgʻlimning ahvoli yaxshi. Yaratganga shukrki, xavf ortda qoldi. Yorugʻ va shinam xonalarda barcha sharoit yaratilgan, tashxis qoʻyishda eng zamonaviy apparatlardan foydalaniladi. Shifokorlarning bolamga boʻlgan mehr-eʼtiborini koʻrib, rosti, yigʻladim. Yurtimizda shunday imkoniyatga ega zamonaviy shifoxonalar borligidan xursand boʻldim. Bularning barchasi farzandlarimiz salomatligi uchun xizmat qilayotgani kishini ruhlantiradi.

    Gulmira BINIYAZOVA

    Nukus tumani