Bolani noqonuniy diniy taʼlim olishga jalb qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishi mumkin

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yanada mustahkamlash boʻyicha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.

    Qonun loyihasiga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasini qoʻshimcha bandlar bilan toʻldirish taklif etilmoqda.

    Yaʼni, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olish jarayoniga jalb qilinsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi.

    Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini tayinlash belgilanmoqda.

    Shuningdek, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olish jarayoniga jalb qilishga, yaʼni bolani roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki litsenziyaga ega boʻlmagan tashkilotlar yoxud maxsus diniy maʼlumoti boʻlmagan va diniy tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy taʼlim berayotgan shaxslar ixtiyoriga diniy taʼlim olishi uchun topshirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilmoqda.

    Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning taʼlim olish sohasidagi huquqlarini himoya qilish, ularning komil inson boʻlib yetishishiga, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari qurboniga aylanishining oldini olishga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.