Yozning jaziramasida badanni sovutishning turli yoʻllarini qidirib qolamiz. Bu borada erkaklarga biroz osonroqdek. Chunki ular katta ariqlar, kanallarda choʻmilib, tanalarini sovutib olishlari mumkin. Aksariyat ayollar choʻmilgisi kelsa-da, ochiq-sochiq choʻmlishish kiyimlarini oʻziga ep koʻrmaydi. Endi bu kabi iboli ayollarimiz ham bemalol xijolat tortmay choʻmilishlari mumkin. Qanday qilib deysizmi? “Adidas” brendi butun tanani va sochlarni yashiradigan suzish kiyimlarining birinchi kolleksiyasini ishlab chiqardi. Brend vakillarining soʻzlariga koʻra, suzish kiyimi kolleksiyasi butun tanani berkitadi.

Choʻmilish kostyumlari bir zumda quriydigan va xlorga chidamli matodan tayyorlangan. Bundan tashqari, material ekologik jihatdan qulay boʻlib, u bir necha bor qayta ishlangan sifatli tolalardan iborat.

Maxsus kiyim (burkini)da barcha jihat oʻylangan. Masalan, suzish paytida yenglar koʻtarilmasligi uchun ularning bosh barmogʻida teshiklar mavjud va kostyumning ustki qismi qisqichlar orqali mahkamlangan. Suzish paytida bosh kiyimining siljib ketmasligi ham oʻylanib, tegishli choralar koʻrilgan.

Musulmonlar suzish kiyimlarini adidas.com saytidan foydalangan holda buyurtma berib, turli rang va oʻlchamlarda olishlari mumkin.