Bugun davlatimiz tomonidan ana shunday yurtdoshlarimizga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilib, salomatligini tiklash uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.

Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan boʻlgan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida boshlangan sogʻlomlashtirish aksiyasi ayni shu maqsadlarni koʻzda tutadi.

Aksiya doirasida shu kunlarda viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida koʻplab yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati oʻtkazilgan ana shunday operatsiyalar tufayli yana sogʻlom hayotga qaytgan bir necha bemorlar bilan suhbatlashdi.

“Poytaxtga bormasang, tuzalmaysan deyishgandi...”

Termiz shahar Saxovat mahallasida yashaydigan 64 yoshli Roʻzihol Xojiyevaning koʻkrak qafasida bundan toʻrt oy avval toʻsatdan kuchli ogʻriq paydo boʻldi. Shundan keyin bir necha tibbiyot muassasasida davo muolajalarini oldi. Biroq kutilgan natija boʻlmadi. Bu orada esa bemor xastalik tufayli 30 kilogrammga yaqin vazn yoʻqotdi.

Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida oʻtkazilgan soʻnggi tekshiruvlardan soʻng unda ogʻir kasallik — diafragma churrasi aniqlandi. Dastlab konservativ yoʻl bilan davo usullari olib borildi. Ammo oxir-oqibatda shifokorlar onaxonni operatsiya qilish lozim, degan xulosaga kelishdi.

Eng asosiysi, Surxondaryoda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi sababli bemor davolanish uchun uzoq yoʻl bosib, Toshkentga borishiga hojat qolmadi. Aksincha, shifokorlarning oʻzi Termiz shahriga, bemorlar huzuriga keldi.

Yana bir quvonarli jihati, vohada bunday murakkab jarrohlik amaliyoti ilk bor oʻtkazildi.

— Koʻpchilik tanishlarim “Poytaxtga bormasang, tuzalmaysan”, deyishgandi, biroq koʻrib turganingizdek, ogʻir xastalikdan shu yerning oʻzida xalos boʻldim, — dedi Roʻzihol opa. — Boʻlarkan-ku, Toshkentga bormay, Termizda ham davolansa. Buning uchun shifokorlarimizga, sogʻlomlashtirish aksiyasining oʻtkazilishiga sababchi boʻlgan barcha insonlarga oʻz minnatdorligimni bildiraman.

“90 yoshimda Yaratgan menga yangi hayot berdi”

Boysunlik 90 yoshli Norxol momo boshiga tushgan barcha sinovlarni sabr bilan yengib oʻtdi. Biroq bir necha yil avval ogʻir dardga taslim boʻldi. Kasallik keksa bemorni toʻshakka mixladi.

Avvaliga Norxol momo boshqa xastalik boʻlsa kerak, deb turli muolajalar olib yurdi. Ammo foydasi boʻlmadi. Aksincha, dardi yanada zoʻraydi.

Yaqinda oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlardan soʻng unda koksartroz kasalligi aniqlandi. Shifokorlar bemorda murakkab operatsiya oʻtkazish lozimligi, bu amaliyot esa juda qimmat ekanligini aytganida yaqinlarning ilojsizlikdan boshi qotdi. Surxondaryo viloyatida boshlangan salomatlik aksiyasi esa ularning qalbiga yana yorugʻlik olib kirdi.

— Afsuski, bu kasallikni deb uzoq yil azob chekdim, — dedi Norxol momo Gʻafforova. — Oʻrnimdan turolmay, harakatlanishga qiynalib yashayotgan kunlarimning birida poytaxtdan viloyatimizga malakali jarrohlar kelgani, ular meni shu yerning oʻzida bepul operatsiya qilishini aytganida ishongim kelmadi. Biroq hammasi rost ekan. Ogʻir kunimda davlatimiz menga suyanch va dalda boʻldi. Hozir ahvolim yaxshi. Toʻqson yoshimda Yaratgan menga yana hayot berganidan xursandman.

“Oʻz oyogʻim bilan farzandlarim oldiga yurib borsam deyman...”

45 yoshli Oʻrol Abdurahmonov — Bandixon tumani Obod turmush mahallasidan. 3 nafar farzandi bor. Bundan bir necha oy avval qishloqda boʻlgan uloq chopish musobaqasi unga ancha qimmatga tushdi. Oʻsha kuni u oʻng oyogʻidan jiddiy jarohat olib, butunlay yurolmay qoldi.

Oxirgi marta oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlardan soʻng uni qiynayotgan dard suyak yemirilishi kasalligi ekani, davolanish uchun endoprotezlash amaliyoti zarurligi, bu operatsiya esa juda qimmat boʻlib, faqat Toshkentda qilinishi maʼlum boʻldi.

— Ochigʻi, oʻsha payt qattiq tushkunlikka tushib qoldim, — dedi Oʻ.Abdurahmonov. — Hatto, endi yura olmasam kerak, deb oʻyladim. Chunki moddiy ahvolim oʻzimga ayon. Poytaxtga borish qayoqda deysiz, hatto mahalliy shifoxonalarda davolanishga ham qurbim yetmasdi. Bunday noyob operatsiya uchun katta mablagʻ toʻlashni-ku gapirmay qoʻyaqoling.
Shukr, hammasi ortda qoldi. Hozir ahvolim yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez kunda yana yura olar ekanman...

Surxondaryoda boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi davomida dardiga darmon topayotgan bunday bemorlar safi keng.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, tadbir doirasida hozirgacha viloyatda 100 nafarga yaqin ogʻir bemorda davlat hisobidan murakkab operatsiyalar oʻtkazildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.