Bolgariya delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Fevral 2023 1565

    Joriy yil 16-fevralda Toshkent shahar hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Faxriddin Davrukov Bolgariyadan kelgan Yevropa taʼlim instituti prezidenti, professor Toshko Krastev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Hokim oʻrinbosari mehmonlarni qarshi olar ekan, poytaxtimizdagi infratuzilma va turizmni rivojlantirish haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdi. Fahriddin Davrukov madaniy tadbirlarga eʼtibor qaratilayotganini aytib oʻtdi. Shuningdek, Bolgariyaning arxeologik yodgorliklar bilan bogʻliq tarixiy madaniy merosini asrab-avaylash tajribasiga, shuningdek, yashil hududlarni tashkil etish va saqlash boʻyicha Yevropaning eng yashil shaharlaridan biri sifatidagi Sofiya tajribasiga qiziqish bildirdi.

    Bunga javoban Toshko Krastev qabul uchun minnatdorchilik bildirdi va quyidagi yoʻnalishlardagi hamkorlikka eʼtibor qaratdi:

    - Oʻzbekiston-Bolgariya va Bolgariya-Oʻzbekiston jamiyatlari taklifiga koʻra Toshkent va Sofiya oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish;

    - Mamlakatlarimizning madaniy, turistik va ishbilarmonlik aloqalariga yordam beradigan oʻziga xos “peshtaxta” boʻlgan madaniy-axborot markazlarini ochish; Sofiya meri tomonidan markaz uchun joy ajratilgan, Toshkentda ochilishini kutyapmiz.

    - charter reyslaridan doimiy Sofiya-Toshkent havo koʻprigini yaratishga oʻtish va Sofiyani Yevropaga kirish markazi, Toshkentni esa Markaziy Osiyoga kirish eshigi sifatida shakllantirish.

    Faxriddin Davrukov mehmonlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, zarur masalalar hal etilishiga ishontirib, taklif etilgan yoʻnalishlarga sport va taʼlim sohasidagi hamkorlikni ham qoʻshdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.